Masʼuliyatli biznes: UZINFOCOM ESG siyosatini tasdiqladi va rejalarini bayon qildi
Bugungi kunda ESG tamoyillari (atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy masʼuliyat va korporativ boshqaruv) yetakchi kompaniyalarning biznes-strategiyalarining ajralmas qismiga aylanmoqda. Bu standartlarni joriy etish atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish, jamiyat ishonchini mustahkamlash va korporativ boshqaruv shaffofligini oshirishga yordam beradi.

Oʻzbekiston ham bu yoʻnalishda faol harakat qilmoqda. Respublika Prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2025-yilgi Davlat dasturi doirasida joriy yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilindi. Mamlakatda masʼuliyatli tashabbuslarni va ekologik barqaror loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar faol joriy etilmoqda.
Biznes uchun ESG tamoyillarini qabul qilish yangi imkoniyatlarni ochadi:
- kompaniyaning ekologik barqarorligini yaxshilaydi;
- mijozlar va hamkorlar ishonchini oshiradi;
- ichki korporativ madaniyatni mustahkamlaydi;
- xalqaro investitsiyalarga yoʻl ochadi;
- kompaniyaning global bozorlardagi jozibadorligini oshiradi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari va Oʻzbekiston Respublikasining Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga amal qilgan holda, UZINFOCOM oʻzining korporativ ESG siyosatini ishlab chiqdi va tasdiqladi. Siyosatni amalga oshirish kompaniya loyihalari va mahsulotlarida ekologik masʼuliyatni oshirish, xodimlar uchun ish sharoitlarini yaxshilash va faol korporativ muloqotni rivojlantirishga qaratiladi.
ESG Siyosatining asosiy elementlaridan biri kompaniyaning loyihalari va mahsulot portfeliga “yashil” komponentlarni kiritishdir. Ushbu yondashuv doirasida keng koʻlamli axborot tizimlarini loyihalashtirish arxitekturasiga, energiya tejamkor uskunalarni qoʻllashga, texnologik steklarni tanlash va kodni optimallashtirish orqali energiya sarfini kamaytirishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga hamda uglerod izini kuzatish vositalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
ESG siyosati boʻyicha shaffoflik va rivojlanish natijalarini namoyish qilish uchun UZINFOCOM muntazam ravishda amalga oshirilgan tadbirlar boʻyicha ESG hisobotlarini (infografikalar) eʼlon qilib boradi. Ushbu qadam siyosatning samaradorligini baholashga va mijozlar, hamkorlar hamda investorlarda kompaniyaga boʻlgan ishonchni oshirishga yordam beradi.
Kompaniya atrof-muhitga salbiy taʼsirni minimallashtiradigan va jamiyatning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshadigan yechimlar yaratishga intiladi.
ESG siyosatining toʻliq nashri bilan www.uzinfocom.uz/uz/company/esg saytida tanishishingiz mumkin. ESG tashabbuslari boʻyicha savollar va takliflar uchun esg@uzinfocom.uz elektron pochta manziliga murojaat qilishingiz mumkin.