Joriy yilning 1-martidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-311-sonli qarori ijrosi doirasida Samarqand viloyatida
davlat tibbiyot muassasalarining axborot-texnologiya infratuzilmasini zamonaviylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand shahridagi poliklinikalarda UZINFOCOM mutaxassislari mahalliy tarmoqlarni o‘rnatmoqda, internetga uzluksiz ulanishni ta’minlash uchun server uskunalarini, trafikni samarali taqsimlash uchun tarmoq qurilmalarini (switch) hamda xavfsizlikni ta’minlovchi fayervol tizimlarini joriy etmoqda.

Bugungi kunga kelib, 33 ta oilaviy poliklinikada ishlar yakunlangan bo‘lib, qolgan muassasalarda bosqichma-bosqich olib borilmoqda. AT infratuzilmasini raqamlashtirish har bir poliklinika ichidagi kompyuterlar o‘rtasida ma’lumotlarni uzatishning yuqori tezligi va ishonchliligini ta’minlaydi, shuningdek, bemorlarning kutish vaqtini qisqartirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga imkon beruvchi elektron tizimlarni joriy etishni osonlashtiradi.
