23-25 iyun kunlari Samarqandda BMTning Davlat xizmati forumi (UN Public Service Forum - 2025) bo‘lib o‘tadi.
BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti hamda O‘zbekiston hukumati hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur anjuman barqaror taraqqiyot, davlat xizmati samaradorligi va shaffofligini yuksaltirish, shuningdek, davlat boshqaruvi sohasiga innovatsion va raqamli yechimlarni tatbiq etish masalalariga bag‘ishlanadi.

Forumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbariyati uchun matbuot anjumani o‘tkazdi.
Unda O‘zbekistonda davlat xizmati, elektron hukumat va raqamlashtirish sohalarida erishilgan yutuqlar, amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, BMTning Davlat xizmati forumi - 2025 ga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’ruzalar taqdim etildi.
Brifing ishtirokchilari uchun UZINFOCOM tomonidan davlat sektori uchun yaratilgan raqamli yechimlar sohasidagi loyihalar taqdimoti ham uyushtirildi. Bu taqdimotga elektron hukumat platformalari, kiberxavfsizlik tizimlari hamda davlat xizmatlarining sifati va qulayligini oshirishga qaratilgan innovatsion axborot texnologiyalari tashabbuslari kiritilgan edi.