UZINFOCOM mutaxassislari LOINC va SNOMED CT xalqaro tibbiy standartlari bo‘yicha ta’lim olmoqda
Treninglar Germaniya taraqqiyot banki (KfW) bilan hamkorlikda Milliy raqamli sog‘liqni saqlash platformasini yaratish loyihasi doirasida tashkil etilgan. Ta’limni litvalik shifokor, xalqaro ekspert va SNOMED CT terminologiyasini boshqarish milliy markazi rahbari Martinas Belyauskas olib bormoqda.

LOINC va SNOMED CT standartlari nima va ular nima uchun zarur?
LOINC va SNOMED CT — elektron sog‘liqni saqlash tizimlarida klinik ma’lumotlarni aniq va yagona tarzda uzatish uchun qo‘llaniladigan xalqaro tibbiy terminologiya standartlaridir.
Har ikkala standart:
- Tibbiy hujjatlarning aniqligini oshiradi;
- Turli tizimlar o‘rtasida ma’lumotlarning mosligini ta’minlaydi;
- Elektron tibbiy yozuvlarni integratsiyalash uchun poydevorni mustahkamlaydi;
- Tahlil va tibbiy tadqiqotlarni rivojlantirishga ko‘maklashadi;
- Sog‘liqni saqlash sohasidagi xalqaro talablarga muvofiqlikni ta’minlaydi.
Olingan bilimlar O‘zbekistonda tibbiy ma’lumotlarni tavsiflashda yagona yondashuvlarni joriy etishga asos bo‘ladi hamda jamoamiz tomonidan ishlab chiqilayotgan raqamli yechimlarning samaradorligini oshiradi.