UZINFOCOM logoUZINFOCOM logo

XALQARO INFORMATIKA OLIMPIADASI O‘Z TARIXIDA ILK BOR O‘ZBEKISTONDA START OLDI

O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta Xalqaro informatika olimpiadasiga (IOI) mezbonlik qilmoqda.

11.08.2026

XALQARO INFORMATIKA OLIMPIADASI O‘Z TARIXIDA ILK BOR O‘ZBEKISTONDA START OLDI

2026-yilning 9–16-avgust kunlari poytaxtimiz Toshkent yosh dasturchilar o‘rtasida 1989-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan dunyodagi eng nufuzli va qadimiy musobaqaning 38-mavsumiga maydon bo‘ldi. UZINFOCOM kompaniyasi homiyligida o‘tayotgan ushbu keng ko‘lamli tadbir 97 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan 386 nafar eng iqtidorli yosh dasturchini o‘z atrofida jamladi.

Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) — maktab o‘quvchilari o‘rtasida sport dasturlash bo‘yicha o‘tkaziladigan eng yirik va nufuzli jahon birinchiligi bo‘lib, u har yili 90 dan ortiq davlatning eng kuchli yosh iste’dodlarini birlashtiradi.

O‘zbekiston ushbu nufuzli musobaqani o‘tkazish huquqini 2023-yilda IOI Bosh Assambleyasi qaroriga asosan qo‘lga kiritgan edi. Oradan ikki yil o‘tib, 2025-yili Boliviyada bo‘lib o‘tgan olimpiadaning yopilish marosimida IOI bayrog‘i O‘zbekistonga tantanali ravishda topshirildi va Toshkentning keyingi mezbon shahar maqomi rasman tasdiqlandi. Ramziy ma’noda, bu e’tirof milliy terma jamoamiz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etib, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritganidan so‘ng ro‘y berdi.

IOI 2026 olimpiadasida ishtirok etish uchun AQSh, Xitoy, Germaniya, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya va Buyuk Britaniya kabi 97 dan ortiq davlatdan 386 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ayni paytda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazmoqda.

Hamrohlik qiluvchi delegatsiyalar, faxriy mehmonlar va xalqaro qo‘mita a’zolari bilan birgalikda tadbir ishtirokchilarining umumiy soni 900 kishidan oshadi. Sakkiz kunlik dastur doirasida algoritmik masalalarni yechish bo‘yicha besh soatlik musobaqalar, turli seminar va vorkshoplar, shuningdek, Toshkentning diqqatga sazovor joylariga qiziqarli ekskursiyalar o‘rin olgan.

Olimpiadani Toshkentda o‘tkazish bo‘yicha IOI qo‘mitasining qarori O‘zbekistonning rasmiy arizasi ko‘rib chiqilganidan so‘ng qabul qilindi. Ushbu arizada IT sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, mamlakatdagi zamonaviy infratuzilma va yosh IT mutaxassislarni tayyorlash borasidagi tizimli ishlar o‘z aksini topgan edi.

O‘zbekistonning mezbon davlat sifatida tanlanishi respublikada IT sektori va raqamli ta’limning izchil rivojlanayotganiga berilgan yuksak xalqaro bahodir.

Tayyorgarlik jarayonida tashkilotchilar Boliviya, Vengriya va Misr kabi davlatlarning tajribasini chuqur o‘rganib, eng ilg‘or amaliyotlarni mahalliy sharoitga moslashtirgan holda tatbiq etishdi. 2027-yilda esa estafetani Germaniya qabul qiladi.

«Xalqaro informatika olimpiadasini Toshkentda o‘tkazish huquqi — IT ta’limni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy raqamli ekotizimni yaratish bo‘yicha olib borilgan ko‘p yillik izchil mehnatimizning natijasidir. IOI 2026 ga mezbonlik qilishimiz bu sa’y-harakatlarning xalqaro miqyosdagi e’tirofi bo‘ldi», — deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.

«Bugungi kunda bu ishlarning samaradorligini milliy terma jamoamiz natijalari ham yaqqol tasdiqlab turibdi: Boliviyadagi IOI da qo‘lga kiritilgan hamda mamlakat tarixidagi ilk kumush va bronza medallari inson kapitali va raqamli ta’limni rivojlantirish borasidagi davlat siyosatining mantiqiy hosilasidir.

Biz IOI 2026 tadbiriga shunchaki bir martalik obro‘-e’tibor tadbiri sifatida emas, balki “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ajralmas qismi sifatida qaraymiz. Yosh iste’dodlar qanchalik erta xalqaro raqobat muhitiga kirsa, global bozorda o‘z o‘rnini topa oladigan yetuk mutaxassislar avlodi shunchalik tez shakllanadi.

Shu yilning avgust oyida Toshkent sayyoramizning eng kuchli 386 nafar yosh aql egasi O‘zbekistonni aynan biz ko‘rayotgandek — ochiq, ulkan maqsadlarga ega va texnologik jihatdan jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida kashf etadigan markazga aylandi».

Olimpiadada O‘zbekiston mezbon davlat sifatida ikkita jamoani qatnashtirmoqda.

Birinchi jamoada Jahongirshoh Avazxonov, Timur Kadirbergenov, Jahonali Haydaraliyev va Ulug‘bek Rahmatullayev yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.

Ikkinchi jamoada esa Sardor Salimov, Humoyun Abduraupov, Ulug‘bek Kamalov va Ravshan Rahmiddinov ishtirok etmoqda.

Yosh iqtidorlar geografiyasi Namangan va Navoiy viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahrini qamrab olgan. Ular Prezident maktablari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi IT maktab, Westminster akademik litseyi va TATU akademik litseyi o‘quvchilaridir.

Terma jamoaning tayyorgarlik jarayoni 2025-yilning noyabr oyida boshlangan. Shu kungacha to‘qqizta o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini, jumladan, Ruminiya va Qozog‘istondagi xalqaro oromgohlar tashkil etilib, jarayonga Ruminiya, Polsha va Qozog‘istondan malakali murabbiylar jalb qilingan.

Shuningdek, ishtirokchilarni kuchli raqobat muhitiga tayyorlash maqsadida 18 yillik tajribaga ega mutaxassis boshchiligidagi psixologik ko‘mak dasturi ham joriy etildi.

O‘zbekiston uchun IOI 2026 ga mezbonlik qilish “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi maqsadlariga to‘la hamohangdir. Ayni paytda mamlakatimiz o‘z IT infratuzilmasini izchil rivojlantirib, IT Park Uzbekistan orqali soha vakillari uchun imtiyozli soliq rejimlarini qo‘llamoqda va eng asosiysi, aholisining 60 foizdan ortig‘i 30 yoshgacha bo‘lgan respublikaning kelajak avlodiga katta ishonch bildirmoqda.

Tashkilotchilarning fikricha, mazkur olimpiada mamlakatga shunchaki turnir doirasidan ancha kengroq samara keltiradi. Xalqaro informatika olimpiadasining o‘tkazilishi raqamli texnologiyalar va ta’limni tizimli rivojlantirayotgan davlat sifatida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlaydi hamda minglab yoshlarimizning dasturlash, matematika va boshqa STEM yo‘nalishlariga qiziqishini oshirishda kuchli rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbir, shuningdek, turli mamlakatlar mutaxassislari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. 90 dan ziyod davlatdan tashrif buyurgan mehmonlar orqali esa O‘zbekistonning turizm salohiyati butun dunyoga targ‘ib etiladi. Ko‘plab ishtirokchilar uchun bu Markaziy Osiyo mintaqasi bilan ilk tanishuvdir.

«Xalqaro informatika olimpiadasida O‘zbekiston nomidan qatnashish biz uchun juda katta sharaf. Biz bu musobaqaga uzoq vaqt va jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. G‘alaba qozonish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Butun dunyodan kelgan ishtirokchilar mamlakatimiz bilan yaqindan tanishayotganidan, biz esa jahonning eng kuchli yosh dasturchilari bilan bellashish imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan juda xursandmiz», — deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, IOI 2025 bronza medali sohibi Ulug‘bek Rahmatullayev.

MA’LUMOT UCHUN

Xalqaro informatika olimpiadasi — maktab o‘quvchilari o‘rtasida dasturlash bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan, 1989-yildan buyon davom etib kelayotgan dunyodagi eng qadimiy va nufuzli xalqaro musobaqadir.

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan IOI 2026 turnirning 38-mavsumi bo‘lib, O‘zbekiston ushbu nufuzli musobaqaga o‘z tarixida birinchi bor mezbonlik qilmoqda.

Tadbirning O‘zbekiston tomonidagi asosiy tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hisoblanadi. Olimpiadaga UZINFOCOM kompaniyasi homiylik qilmoqda.