Bu yil jamoamiz
kod qatorlarini kuchli yechimlarga aylantirdi:

- 130 ta yangi xizmat qo‘shildi. Ha, endi ularning soni 708 ta! Byurokratiyasiz va muammosiz, birgina tugma orqali yana-da ko‘proq imkoniyatlar.
- Foydalanuvchi profilida endi 42 ta servislar bo‘yicha maʼlumotni ko‘rish mumkin. Hammasi bir joyda – go‘yoki butun dunyoni bitta qulay interfeysga joylagandek.
- 120 ta ommabop xizmat soddalashtirildi: foydalanish qulayligi, dizayn va umumiy interfaol imkoniyatlar shunday darajaga yetkazildiki, siz: “Axir, bunday ham bo‘lar ekanku!” deyishingiz mumkin.
- Ishga kirish uchun hujjatlar kerakmi? Endi bu “Ishga qabul uchun maʼlumotnomalar” xizmati orqali mumkin. Birgina tugma bosish orqali ishga qabul qilishda talab qilinadigan 11 ta hujjatni darhol olishingiz mumkin. Qulay va tez!
- Biz bu bilan faxrlanamiz:
- Portalda endi 10 million foydalanuvchi mavjud (bu O‘zbekiston fuqarolarining 27 foizini tashkil etadi!).
- Yil davomida tizim 32 million arizani qayta ishladi – hammasi uzluksiz va tezkor.
- Mobil dasturchilarimiz yil davomida MyGov ilovasining 23 ta yangi talqinini chiqardi. Har biri App Store va Play Marketʼdagi yangi foydali funksiyalarga boy reliz kabi.
- Portalda inklyuziya va SEO bo‘yicha zamonaviy yechimlar joriy etildi. Endi barcha uchun, hamma joyda bizni topish juda oson.
- Qo‘llab-quvvatlash haqida nima deysiz? Biz 34 mingta murojaatni muvaffaqiyatli hal qildik. Sizning fikr-mulohazalaringiz biz uchun xatolarni tuzatishda log fayllari kabi qimmatli – zarur va portalni yana-da yaxshi qilishga yordam beradi.
Biz bilan bo‘lganingiz uchun tashakkur. 2025 yilda yana ko‘rishguncha!