JSST ekspertlari O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi kadrlar tizimini o‘rganish va mustahkamlash bo‘yicha texnik missiya o‘tkazdi
Missiyaning maqsadi — sog‘liqni saqlash kadrlar resurslari bo‘yicha ma’lumotlar manbalari va foydalanuvchilarini tahlil qilish, tizimlarni integratsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish va milliy kadrlar hisobini joriy etish rejasini tayyorlashdan iborat.

Missiya doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi va unga bo‘ysunuvchi tashkilotlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi, “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi, Yagona Integrator UZINFOCOM vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, shuningdek, tibbiyot muassasalariga tashrif buyurildi.
Ekspertlar guruhi, shuningdek, UZINFOCOM ofisiga tashrif buyurib, elektron sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalar bilan tanishdi va respublika hamda mahalliy darajadagi zamonaviy raqamli kadrlar boshqaruvi tizimi — hrm.argos.uz mutaxassislari bilan uchrashdi. Mazkur tizim davlat xizmatchilari faoliyatini qog‘oz shaklidagi jarayonlar o‘rniga samarali va shaffof elektron hisobga olish orqali yuritishni maqsad qilgan.
Muhokamalar davomida ekspertlar yagona kadrlar resurslari tizimini yaratish muhimligini ta’kidlab, tibbiy kadrlar haqidagi dolzarb ma’lumotlar barcha manfaatdor ishtirokchilarga va sog‘liqni saqlash tizimining barcha darajalariga tez yetib borishini ta’minlash kerakligini qayd etdilar.
Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda o‘tkazilgan yig‘ilishda tibbiy hisobotlarini raqamlashtirish natijalari muhokama qilindi. DMED axborot tizimining ma’lumotlar formati to‘liq DHIS2 xalqaro standartlariga moslashtirilgani ta’kidlandi. Bu esa tahlil shaffofligini oshirib, hisobot topshirish muddatini 3 haftadan 3 kunga qisqartirish imkonini berdi. Raqamli tibbiyot sohasida erishilgan yutuqlar Markaziy Osiyo uchun namuna bo‘lishga intilmoqda.