Zamonaviy raqamli dunyoda raqamli savodxonlikning yetishmasligi va gadjetlar hamda turli elektron xizmatlardan foydalanishda kibergigiyenaga rioya qilmaslik jiddiy xavf tug‘diradi.
"UZINFOCOM" Yagona integratori shaxsiy ma’lumotlaringiz va elektron hisoblaringiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida g‘arazgo‘ylarga xalaqit berish bo‘yicha 10 ta asosiy tavsiya bilan bo‘lishadi.

1. Spam-xabarlarni e’tiborsiz qoldiring.
Firibgarlar va xakerlar orasida keng tarqalgan usul fishing deb ataladi. Ular elektron xatlar yoki xabarlar orqali oluvchilarni aldab, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va buning evaziga to‘lov talab qilish maqsadida zararli havolani bosishga yoki virusli ilovani yuklab olishga majburlashga urinadilar.
Ko‘pincha bunday xatlarda: "Siz g‘olib bo‘ldingiz", "Huquqbuzarlik uchun jarima", "MIBdan jarima", "Chegirmaga ega bo‘ling", "Aksiyalarda ishtirok eting" kabi so‘zlar bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, sizda vaqt juda oz ekanligi yozilgan bo‘ladi, bu esa sizni o‘ylamasdan harakat qilishga undash uchun qilinadi.
Yodda tutingki, g‘arazgo‘ylar bunday xatlarni yashash manzilingizga konvert ko‘rinishida ham qoldirishlari mumkin.
Bunday vaziyatda nima qilish kerak?
– Harakat qilishga shoshilmang, xotirjamlikni saqlang va unutmangki, shubhali havolalarga kirishdan yoki ko‘rsatilgan QR-kodlar orqali uydirma qoidabuzarliklar uchun soxta "Jarimalar"ni to‘lashdan oldin, rasmiy saytlar yoki ishonch telefonlari orqali ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish uchun sizda yetarli vaqt bor.
2. Parollar haqida qayg‘uring.
Oddiy parollardan foydalanmang. Ularni raqamlar, turli belgilar va katta harflar yordamida murakkablashtiring. Turli xizmatlarda bir xil paroldan foydalanmang. Ilovalar va saytlarga kirish ma’lumotlarini parol menejerida saqlang. Bu barcha parollaringizni bir joyda saqlaydigan xizmatdir. Buning uchun sizdan kirish uchun ko‘plab murakkab kombinatsiyalarni emas, balki ushbu dasturga kirish uchun faqat bittasini eslab qolish talab etiladi.
3. "Ikki faktorli autentifikatsiya"dan foydalaning.
Autentifikatsiya – bu siz o‘zingizni kim deb tanishtirayotgan bo‘lsangiz, haqiqatan ham o‘sha shaxs ekanligingizni tasdiqlash jarayonidir. Ko‘p faktorli autentifikatsiya o‘z shaxsingizni bitta emas, balki bir nechta belgilar asosida tasdiqlashingizni anglatadi.
Imkon bor joyda – resurslar, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p faktorli (ikki faktorli yoki "qat’iy") autentifikatsiyani faollashtiring. Shu tariqa, hatto biror faktor (masalan, parol) yovuz niyatliga ma’lum bo‘lsa ham, u ma’lumotlaringizga kira olmaydi.
4. Internet-do‘konlarda (marketpleyslarda) onlayn xarid qilishda ehtiyot bo‘ling.
Imkon qadar shoping qilish uchun alohida kartadan foydalaning, saytlar va sotuvchilarning haqiqiyligini tekshiring, sayt HTTPS protokolini ishlatayotganiga hamda sotuvchi to‘liq aloqa ma’lumotlari va yuridik ma’lumotlarni taqdim etganiga ishonch hosil qiling.
Sharhlarni tahlil qiling va o‘ta past narxlardan ehtiyot bo‘ling, vaziyatni xolis baholang.
5. Foydalanilmayotgan akkauntlarni o‘chirib tashlang.
Yovuz niyatlilar ularni "qo‘lga kiritishi" va Sizga, do‘stlaringizga yoki hatto siz ishlayotgan kompaniyaga qarshi ishlatishi mumkin. Agar biror xizmatdan foydalanishni to‘xtatgan bo‘lsangiz, undagi akkauntingizni o‘chiring yoki bloklang.
6. Ortiqcha narsalarni tartibga soling (olib tashlang).
Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi barcha keraksiz akkauntlardan obunani bekor qiling. O‘zingiz haqingizdagi hamma uchun ochiq bo‘lmasligi kerak bo‘lgan ma’lumotlarni o‘chiring, yashiring yoki ularga kirishni cheklang.
7. Do‘stlar ro‘yxatini saralang.
Yovuz niyatlilar muloqotda turli hiylalarni qo‘llashlari mumkin (bunga ijtimoiy muhandislik deyiladi). Eng oddiy usul – ularga muloqot boshlash uchun imkon bermaslikdir. Bundan tashqari, yovuz niyatlilar faqat siz do‘stlikka qo‘shganlaringizga ko‘rinadigan shaxsiy ma’lumotlaringizni ko‘ra olmaydilar. Shuning uchun bunga e’tibor bering va haqiqatda tanimaydiganlaringizni do‘stlar ro‘yxatidan o‘chirib tashlang.
8. Maxfiy ma’lumotlarni bo‘lishmang.
Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi shaxsiy xabarlar orqali hujjatlar, jumladan pasport yoki, masalan, bank kartasi ma’lumotlarini yubormang. Gap ham matnli ma’lumotlar, ham fotosuratlar yoki skan-nusxalar haqida ketmoqda.
9. Ilovalarni yangilab turing.
Ilovalar yoki dasturlarni (antivirus dasturiy ta’minotini) nafaqat smartfonda, balki kompyuterda ham yangilab turing. Yangi versiyalar ulardagi avvalgi zaifliklarni bartaraf etadi. Tegishli dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari buni kuzatib boradilar.
10. O‘z huquq va majburiyatlaringizni biling va ularga rioya qiling.
Kiberxavfsizlikka oid fuqarolik huquqi sohasidagi qonunchilik ommaviy axborot va axborot tizimlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni, shuningdek, qoidabuzarliklar uchun javobgarlik masalalarini o‘z ichiga oladi.
Agar siz internet-firibgarlik qurboniga aylangan bo‘lsangiz yoki shunga o‘xshash vaziyatlarga duch kelsangiz, nima qilish kerak?
Huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiling. Fuqarolar huquqni muhofaza qilish organlariga og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishlari mumkin.
Og‘zaki murojaat huquqni muhofaza qilish organlarining ishonch telefonlari orqali qabul qilinadi:
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi - 1007;
- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi - 1102;
- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi - 1008;
- MB "CERT-CBU" kiberxavfsizlik markazi - (71) 200-00-44.
Ogoh bo‘ling! Kibergigiyenaga rioya qiling va firibgarlarning sizni chalg‘itishga urinishlariga uchmang.