UZINFOCOM "World Finance Innovation Series"da: Osiyo-Tinch okeani mintaqasi sari yo'nalish
19-20-may kunlari Xanoy shahrida nufuzli "World Finance Innovation Series" xalqaro konferensiyasi bo'lib o'tmoqda. Yagona Integrator UZINFOCOM delegatsiyasi mazkur tadbirda faol ishtirok etib, Janubi-Sharqiy Osiyo bozorida o'zining yetakchi (flagman) yechimlarini taqdim etmoqda.

Forumda nimalarni namoyish etdik? Ushbu tadbir fintex kelajagini muhokama qilish maqsadida moliya va texnologiyalar sohasi yetakchilarini birlashtirdi. Biznes-dastur hamda stendimizdagi faoliyatimiz doirasida biz quyidagi asosiy yo'nalishlarga e'tibor qaratdik:

Ekspertlar muloqoti: Vakilimiz Bahodir Qurbonov spiker sifatida so'zga chiqdi. Uning taqdimotidagi asosiy mavzu "MyID" biometrik identifikatsiya ekotizimi bo'ldi — ishtirokchilarga "MyID Vision" yuz biometriyasi imkoniyatlari hamda kaft qon tomirlari tasviri orqali shaxsni aniqlovchi innovatsion "MyID Palm" texnologiyasi haqida batafsil ma'lumot berildi.

MyID texnologiyalari namoyishi: Kompaniya stendida ishtirokchilar shaxsni xavfsiz va tezkor tasdiqlashga mo'ljallangan mahsulotlarimizni — tranzaksiyalarni himoya qilish va mijozlarga qulaylik yaratishga qaratilgan ilg'or yechimlarni amalda sinab ko'rish imkoniga ega bo'ldilar.

Xalqaro netvorking: Forum xorijiy fintex vakillari bilan tajriba almashish va yangi hamkorlik aloqalarini o'rnatish uchun ajoyib maydonga aylandi. Biz professional aloqalarimiz tarmog'ini kengaytirib, O'zbekiston IT-mahsulotlari moliya sektoridagi vazifalarni xalqaro miqyosda qay darajada samarali hal qila olishini amaliy misollarda ko'rsatib berdik.