Kecha MWC Barcelona 2025 xalqaro kongressi doirasida UZINFOCOM va Huawei oʻrtasida
Oʻzbekiston hududida AKT sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Hamkorlik sogʻliqni saqlash, taʼlim, energetika, davlat boshqaruvi va boshqa sohalarni raqamli transformatsiya qilishga qaratiladi. Asosiy yoʻnalishlar – xizmatlar samaradorligi va shaffofligini oshirish uchun sunʼiy intellekt, avtomatlashtirish va maʼlumotlarni boshqarish tizimlaridan foydalangan holda raqamli yechimlarni ishlab chiqish.

Bundan tashqari, kompaniyalar Huawei faoliyat yuritayotgan boshqa mamlakatlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, tajriba almashish va global miqyosda raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
