Inha universitetida sun’iy intellekt sohasida muloqot qilish, tajriba va g‘oyalar almashish uchun yangi talabalar hamjamiyati — Sun’iy Intellekt klubining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Klubning birinchi yig‘ilishi doirasida UZINFOCOM sog‘liqni saqlash sohasida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va sun’iy intellektni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Kasimov Raxmonali so‘zga chiqdi.

U talabalarga sun’iy intellektning tibbiyotda qo‘llanilishi haqida so‘zlab berdi, asosiy loyihalarni amalga oshirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi hamda O‘zbekiston va undan tashqarida sog‘liqni saqlashni o‘zgartirayotgan yutuqlarni yoritib berdi.
Ma’ruzachilar bilan birgalikda talabalar Markaziy Osiyoda sun’iy intellektning kelajagi va uning turli sohalarda amaliy qo‘llanilishini muhokama qildilar, shuningdek, ushbu yo‘nalishda rivojlanish uchun karyera imkoniyatlari, istiqbolli tadqiqotlar va sohaning dolzarb tendensiyalari haqida bilib oldilar.