UZINFOCOM logoUZINFOCOM logo

O‘zbekistonda “UGaz” tizimidan foydalanish tarifi tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shahobchalarida (AGTKSh) siqilgan tabiiy gaz iste’molini hisobga olish va nazorat qilishga mo‘ljallangan “UGaz” apparat-dasturiy majmuasidan foydalanish tarifini tasdiqladi.

11.09.2025

O‘zbekistonda “UGaz” tizimidan foydalanish tarifi tasdiqlandi

Prezidentning 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoniga muvofiq, “Yagona integrator UZINFOCOM” MChJ mazkur tizimni joriy etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eksklyuziv huquqlarga ega subyektlar reyestriga kiritilgan.

2025-yil 24-sentyabrdan boshlab tasdiqlangan tarifga muvofiq, AGTKSHlar uchun sotilgan tabiiy gazning har bir kubometriga to‘lov 25 so‘mni tashkil etadi.
 

“Yagona integrator UZINFOCOM” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan “UGaz” majmuasi real vaqt rejimida har bir gaz quyish shoxobchasidagi jarayonlarni qayd etadi. Tizim quyidagi modullarni o‘z ichiga oladi:

 

  • operatorning avtomatlashtirilgan ish o‘rni;
  • avtomobil raqamlarini aniqlash tizimi (gaz ballon uskunalari ro‘yxatdan o‘tganligi va texnik ko‘rikdan o‘tganligini tekshiradi);
  • hisob va onlayn hisobot moduli;
  • videokuzatuv quyi tizimi.

 

Shuningdek, stansiyalar shartnoma muddati davomida zarur uskuna bilan vaqtinchalik bepul ta’minlanadi: zamonaviy kompyuter, printer, kameralar va boshqa texnik vositalar to‘liq ulanish bilan ishlashga tayyor holda topshiriladi.

 

“UGaz” tizimini joriy etish qo‘lda hisob-kitob xarajatlarini kamaytiradi, talon-taroj va noqonuniy gaz sarfini oldini oladi, shuningdek, gaz quyish jarayonining xavfsizligi va shaffofligini oshiradi.

Loyiha Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-iyuldagi 387-son qarori “Tabiiy gaz resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori doirasida amalga oshirilmoqda.