Xorazmda “Raqamli dunyoda xotin-qizlarning ishtiroki va IT sohasidagi imkoniyatlar” nomli forum o‘tkazildi.
“GAP” ayollar IT-klubi tashabbusi bilan uyushtirilgan tadbirda 170 nafardan ortiq xotin-qizlar qatnashdi.

Tadbir davomida soha mutaxassislari va muvaffaqiyatli ayollar o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi. Shuningdek, ishtirokchilar sun’iy intellekt, dasturlash va raqamli savodxonlikka oid bepul manbalar hamda onlayn kurslar bilan tanishtirildi.
Forumda UZINFOCOM kompaniyasining Ma’lumotlar muhandisligi (Data Engineering) bo‘limi bosh mutaxassisi Anora Amirova taqdimot qildi. U sun’iy intellektning ishlash tamoyillari, uning samaradorligi va rivojlanish istiqbollari haqida so‘z yuritib, raqamli asrda uzluksiz ta’lim olish muhimligini alohida ta’kidladi.

Tadbirda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha foydali ma’lumotlar berildi:
IT sohasidagi xalqaro sertifikatlar va ularning afzalliklari;
“Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasi doirasidagi bepul ta’lim imkoniyatlari;
Muvaffaqiyatli xotin-qizlarning kasbiy tajribasi va amaliy tavsiyalari;
Elektron davlat xizmatlaridan samarali foydalanish tartiblari;
Sun’iy intellekt texnologiyalarini kundalik faoliyat va biznes jarayonlariga tatbiq etish usullari.
Forum IT Park Xorazm viloyati filiali, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, UZINFOCOM hamda Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamkorligida tashkil etildi.
