Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri
Fahd bin Abdurrahmon al-Jalajel boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida UZINFOCOM ofisida bo‘ldi.

Mehmonlarga milliy AT-integrator faoliyati, UZINFOCOM Situatsion markazining ishi hamda kompaniyaning asosiy raqamli loyihalari, jumladan, DMED yagona tibbiy axborot tizimi va Milliy raqamli sog‘liqni saqlash platformasi namoyish etilgan shourum taqdim etildi.

Tashrif doirasida, shuningdek, SEHA Virtual Hospital va O‘zbekiston Respublikasi Ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamkorligida amalga oshirilgan Ko‘p tarmoqli virtual kardiologik konsiliumni ishga tushirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlikning yangi shakli ikki mamlakat kardiologlariga qo‘shma masofaviy konsultatsiyalar o‘tkazish, o‘zaro ekspert tajribasi almashish hamda murakkab klinik holatlarni davolashning eng maqbul taktikasini ishlab chiqish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va sog‘liqni saqlash sohasiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.
