UZINFOCOMning Sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish bo‘yicha direktori Ruslan Sultonov
boshchiligidagi delegatsiyaning amaliy tashrifi doirasida Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF)ning Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvning bosh mavzusi Koreya Eksport-import banki (KEXIM / EDCF) moliyaviy ko‘magida hamda Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda kattalar uchun barpo etilayotgan zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona loyihasini jadallashtirish masalasi bo‘ldi.
Muloqot chog‘ida loyihaning raqamli infratuzilmasiga alohida urg‘u berildi. Tomonlar ilg‘or tibbiy axborot tizimlarini joriy etish, shifoxonaning raqamli yechimlarini O‘zbekiston milliy raqamli sog‘liqni saqlash tizimi bilan integratsiya qilish, shuningdek, raqamli yo‘nalishni ishga tushirish hamda tegishli tender tartib-taomillarini tezlashtirish bo‘yicha amaliy choralarni muhokama qildilar.
Mazkur loyiha eng so‘nggi tibbiy texnologiyalar va raqamli yechimlar bilan ta’minlangan zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini yaratishni ko‘zda tutadi. Raqamlashtirish bo‘lg‘usi shifoxonaning bosh omillaridan biriga aylanib, klinik jarayonlar, tibbiy ma’lumotlar va markaz infratuzilmasini samarali boshqarish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani jadallashtirish va uning raqamli qismini amaliyotga tatbiq etish bosqichiga o‘tish bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
