UZINFOCOM logoUZINFOCOM logo

Pokiston delegatsiyasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Pokiston Davlat vaziri Bilol bin Saqib bilan uchrashuv o‘tkazdi.

26.08.2026

Pokiston delegatsiyasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrif buyurdi

Uchrashuv davomida tomonlar raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, IT-xizmatlar eksporti, startap ekotizimini rivojlantirish hamda sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, Pokistonning raqamli iqtisodiyotdagi imkoniyatlari, jumladan, AT-mutaxassislar, frilanserlar va texnologik kompaniyalar salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.



Shuningdek, muloqot chog‘ida sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari (data-markazlar) hamda “yashil” energiyaga asoslangan raqamli infratuzilmani birgalikda rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tashrif doirasida Pokiston delegatsiyasi UZINFOCOM shourumida ham bo‘lib, kompaniya tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan ilg‘or raqamli yechimlar va strategik loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvda frilans sohasini yangi bosqichga olib chiqish — mutaxassislarning oddiy buyurtmalarni bajarishdan o‘z raqamli mahsulotlari hamda mustaqil startaplarini yaratishga o‘tishlari uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari ham atroflicha muhokama etildi.