Germaniya delegatsiyasi UZINFOCOM’ga tashrif buyurdi
UZINFOCOM’ga dunyoning turli mamlakatlarida xalqaro hamkorlik loyihalarini amalga oshiruvchi va barqaror rivojlanishga ko‘maklashuvchi Germaniyaning GIZ — Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit tashkiloti delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Tashrif chog‘ida mehmonlar UZINFOCOM shourumida kompaniya faoliyati hamda uning raqamlashtirish sohasidagi asosiy ish yo‘nalishlari bilan tanishdilar.

Taqdimot doirasida mehmonlarga kompaniyaning raqamli mahsulotlari imkoniyatlari namoyish etilib, ularning funksionalligi, qo‘llanish xususiyatlari hamda O‘zbekiston raqamli infratuzilmasini rivojlantirishdagi o‘rni haqida so‘zlab berildi. Taqdim etilgan yechimlar biometrik identifikatsiya va raqamli davlat xizmatlaridan tortib, alohida tarmoqlar uchun innovatsion texnologiyalargacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Ushbu tashrif Germaniya delegatsiyasini UZINFOCOM’ning texnologik ishlanmalari hamda kompaniyaning raqamli yechimlarni yaratish va joriy etish borasidagi tajribasi bilan tanishtirish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
