UZINFOCOM xodimlari zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdilar
2026-yil 19–26-oktyabr kunlari O‘zbekistonda fuqarolarning zilzila paytida harakatlanish qoidalari bo‘yicha xabardorligini oshirish va favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan “Aholini zilzilaga tayyorlash” haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.

Haftalik doirasida UZINFOCOM xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutining Simulyatsiya markazida tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashdilar.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar favqulodda vaziyatlarning modellashtirilgan ssenariylari bilan tanishdilar, xavfsiz harakatlanish algoritmlarini amalda o‘rgandilar hamda o‘quv dasturida ko‘zda tutilgan harakatlarni sinovdan o‘tkazdilar.
Bunday tadbirlar xodimlarning ehtimoliy favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirishga hamda shaxsiy va atrofdagilar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
